OAV biz haqimizda

.

TA’LIM MAZMUNI YARATUVCHAN VA MAS’ULIYATLI FUQARO PORTRETINI MO‘LJALGA OLGANHUQUQIY NIGILIZM UNGA QARSHI KURASH KORRUPSIYANING ILDIZINI QURITADI


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-apreldagi 202-sonli qarori ilovasining 42-bandiga muvofiq, aholi o‘rtasida huquqiy nigilizm holatlarini bartaraf etish yuzasidan topshiriqqa asosan "Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining 2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi" tasdiqlangan.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining 2026-yil 18-maydagi xatida "Aholi o‘rtasida huquqiy nigilizm holatlarini bartaraf etish, fuqarolarda huquqbuzarliklarning jamiyat va davlat taraqqiyoti uchun salbiy oqibatlarga olib keluvchi illat ekanligi yuzasidan to‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan kompleks targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish" vazifasi belgilangan. Shu munosabat bilan boshqarmada korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat sho‘basi hamda yuridik xizmat sho‘basi xodimlari tomonidan viloyatdagi ta'lim tashkilotlari xodimlari bilan uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazilib, huquqiy nigilizmning o‘zi nimaligi, u jamiyatda qanday ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi va bundan fuqarolar manfaatlariga qanday zarar yetishi hamda jamiyat rivojlanishiga qanday to‘sqinlik qilishi haqida Adliya vazirligi tomonidan taqdim qilingan materiallar asosida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, shunday profilaktik tushuntirish ishlari 2026-yilning 22-may va 17-iyun kunlari viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan bo‘lsa, iyun, iyul oylarida Bog‘ot tumanidagi 26, Urganch tumanidagi 22, Xazorasp tumanidagi 15, Xonqa tumanidagi 6-27-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari, Urganch, Xonqa tumanlari maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limlari xodimlari, Xonqa tumani maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta'lim maktablari kadrlar menejerlari hamda davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari, Shovot tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi pedagog xodimlari orasida o‘tkazildi.
Ushbu ta'lim tashkilotlariga tashrif chog‘ida xodimlarga huquqiy nigilizmning oldini olish yuzasidan ma'lumotlar berish bilan bir qatorda, korrupsiyaviy holatlarni aniqlashga qaratilgan anonim so‘rovnomalar ham o‘tkazildi. So‘rovnomalar natijalari asosida tashkil qilingan o‘rganuvlar natijasiga binoan 5 nafar ta'lim tashkiloti rahbariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Xonqa tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida mehnatchilik qonunchiligi talablarining buzilishi bilan bog‘liq holat bartaraf qilindi. Xodimlarga O‘zbekiston Respublikasining "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonuniga asosan mavjud cheklovlar haqida axborotlar berildi.
To‘xtaladigan bo‘lsak, yuqori sinf o‘quvchilari orasida "Istiqbol" ayollar markazi nodavlat notijorat tashkiloti xodimlari bilan hamkorlikda viloyatda o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, 30 foiz respondent "korrupsiyaga munosabatingiz qanday" degan savolga "befarqman" degan javobni bergan. Bu esa o‘z navbatida yoshlarni korrupsiyaga nisbatan murosasiz ruhda tarbiyalash, ularni halollik vaksinasi bilan emlash borasidagi ishlarimizni qayta ko‘rib chiqishni taqozo qiladi.
Huquqiy nigilizm – shaxs, guruh yoki jamiyatning huquq va qonunlarga nisbatan ishonchsizlik, e'tiborsizlik yoki ularni ochiqdan-ochiq inkor etishidir. Bu holat huquqiy me'yorlarni mensimaslik, ularga rioya qilishni zarur deb hisoblamaslik ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ushbu tushunchaning asosiy xususiyatlari va kelib chiqish sabablari quyidagilardan iborat:
Asosiy ma'nosi: lotincha "nihil" so‘zidan olingan bo‘lib, "hech narsa" yoki "yo‘qqa chiqarish" degan ma'nolarni anlatadi. Huquqiy nuqtai nazardan bu qonunlarning ijtimoiy qadr-qimmatini inkor etishdir.
Namoyon bo‘lish shakllari: Qonunlarni qasddan buzishdan tortib, ularga befarq bo‘lish yoki ularning ijrosini chetlab o‘tish yo‘llarini izlashgacha bo‘lgan harakatlarda ko‘rinadi.
Sabablari: qonunlarning murakkabligi va xalqqa tushunarsizligi, davlat organlari va amaldorlarga ishonchsizlik, huquqiy savodxonlikning pastligi hamda huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrarligining ta'minlanmasligi.
Oqibatlari: huquqiy nigilizm jamiyatda tartibsizlikka, korrupsiyaning avj olishiga va huquqiy davlat barpo etilishiga jiddiy to‘sqinlikka olib keladi.
"Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunning 26-moddasida davlat organlarining xodimlari davlat organining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma'lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Xulosa sifatida shuni ta'kidlash joizki, mamlakatimizning har bir fuqarosi – katta-yu kichik hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga e'tiborli bo‘lishga mas'ul. Qonunlarga, tartib-qoidalarga va umum qabul qilingan normalarga hurmat bilan qarashga va ularga so‘zsiz rioya qilishga odatlanmog‘imiz bugungi kunning eng dolzarb, yechimini kutayotgan muammosi. Agarda biz – katta-yu kichik atrofimizda bo‘layotgan qonunbuzilishlariga, tartib-qoidalarni mensimaslik holatlariga, asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizning oyoqosti bo‘lishiga murosasiz bo‘lsak, bunga o‘z vaqtida munosabatimizni bildirsak o‘ylaymizki, nafaqat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida, balki barcha sohalarda yuksak marralarni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonimizning taraqqiyot yo‘lidagi muammolari yechimiga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
A. XASANOV,
viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy nazorat sho‘basi bosh mutaxassisi

"Xorazm ma'rifati" gazetasining 2026-yil 27-iyuldagi 7-soni

xorazm-vxtb@exat.uz
@..
@Xorazm_MMTB
/xorazm_vmmtb