Ta'limga doir terminlar
TA’LIMGA OID ASOSIY TERMINLAR VA ULARNING IZOHI
Pedagog — pedagogika sohasida maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan, ta’lim oluvchilarga bilim berish, ularni tarbiyalash va rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis.
Davlat akkreditatsiyasi — ta’lim tashkilotlari faoliyatining davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiqligini davlat tomonidan e’tirof etish hamda bitiruvchilarga tegishli ta’lim hujjatlarini berish huquqini tasdiqlash jarayoni.
Davlat ta’lim muassasasi — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat mulki negizida tashkil etilgan hamda davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablariga muvofiq ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasa.
Davlat ta’lim standartlari — ta’limning mazmuni va sifatiga nisbatan davlat tomonidan belgilanadigan talablar majmui.
Davlat ta’lim talablari — ta’limning tuzilishi, mazmuni, uni amalga oshirish shart-sharoitlari, shuningdek, ta’lim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy va kasbiy sifatlariga qo‘yiladigan majburiy talablar.
Malaka — shaxsning muayyan kasbiy faoliyatni amalga oshirishga tayyorgarligini ifodalovchi, tegishli hujjat bilan tasdiqlanadigan bilim, qobiliyat, mahorat va ko‘nikmalar darajasi.
Mutaxassislik — muayyan kasbiy tayyorgarlik yo‘nalishi bo‘lib, uni egallash natijasida shaxsga tegishli malaka beriladi.
Nodavlat ta’lim tashkiloti — qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli litsenziya yoki boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar asosida ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs.
Tarbiya — yosh avlodni har tomonlama kamol toptirish, uning ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, dunyoqarashi, ijtimoiy mas’uliyati va ijobiy fazilatlarini shakllantirishga qaratilgan maqsadli, tizimli jarayon.
Ta’lim — ta’lim oluvchilarga nazariy bilimlar berish, amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, ularning qobiliyatlarini rivojlantirish hamda umumiy va kasbiy tayyorgarligini ta’minlashga qaratilgan tizimli jarayon.
Ta’lim kampusi — o‘quv binolari, ilmiy-tadqiqot markazlari, laboratoriyalar, kutubxonalar, sport inshootlari, ishlab chiqarish majmualari, texnoparklar, yashash joylari va boshqa zarur infratuzilma obyektlarini yagona hududda birlashtirgan, ta’lim-tarbiya va ilmiy faoliyat uchun qulay muhit yaratadigan majmua.
O‘quv-metodik majmua — ta’lim jarayonini tashkil etish va samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar hamda darsliklarning multimedia ilovalaridan iborat o‘quv materiallari to‘plami.
Umumiy o‘rta ta’lim — umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan davrni qamrab oluvchi ta’lim turi.
Umumiy o‘rta ta’lim quyidagi bosqichlarga bo‘linadi:
Boshlang‘ich ta’lim — 1–4-sinflar.
Tayanch o‘rta ta’lim — 5–9-sinflar.
O‘rta ta’lim — 10–11-sinflar.
