Yangiliklar
“TILGA E’TIBOR — ELGA E’TIBOR!” CHELLENJIGA START BERILADI
5-oktabr 2026-yil
Ona tilimiz — milliy o‘zligimiz va ma’naviy boyligimizning ajralmas qismi. Kitob mutolaasi esa yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, bilim va tafakkurini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Xorazm viloyatidagi o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida ona tiliga hurmatni kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhini mustahkamlash maqsadida “Tilga e’tibor”, “Kitob — bilim manbai” va “Til — millat ko‘zgusi” mavzularida chellenj tashkil etilmoqda.
Chellenj doirasida o‘quvchi-yoshlar o‘zlari tanlagan mavzu bo‘yicha qisqa va mazmunli videoroliklar tayyorlab, ularda ona tilimizga hurmat, kitobxonlikka mehr, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat hamda so‘zdan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish madaniyatini namoyon etadilar. Tayyorlangan videoroliklar orqali tashabbus boshqa tengdoshlar orasida ham davom ettiriladi.
Barcha o‘quvchi-yoshlarni chellenjda faol ishtirok etishga, o‘z ijodiy salohiyati va tashabbuslarini namoyon etishga chorlaymiz!
Ona tilimizga e’tibor — millatimizga e’tibor! Kitobga mehr — kelajakka sarmoya!