Yangiliklar
Yoshlarda startap g‘oyalariga qiziqish ortmoqda
22-sentabr 2026-yil
Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi ta’lim muassasalarida yoshlarning tadbirkorlik va innovatsion fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi “Mohirlik va biznes soati” mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar Gurlan tumanidagi 2-, 24- va 44-son umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tkazildi.
Unda “O‘zbekistonda startap ekotizimi va startaplarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida o‘quvchi-yoshlarga zamonaviy biznes imkoniyatlari, startap loyihalarni yaratish va rivojlantirish jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi.
Mashg‘ulotlar davomida yoshlar startap tushunchasi, innovatsion g‘oyani loyihaga aylantirish, uni rivojlantirish va amaliyotga joriy etish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, yoshlarning o‘z g‘oyalarini shakllantirish, muammoni aniqlash va uning yechimiga qaratilgan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha bilim va tushunchalari mustahkamlandi.
Mazkur mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, yangicha fikrlashni rivojlantirish hamda o‘z g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirishga ko‘maklashishdan iborat.