Yangiliklar
“Mahorat va biznes soati” doirasida navbatdagi mashg‘ulotlar o‘tkazildi
18-sentabr 2026-yil
Xorazm viloyatidagi ta’lim muassasalarida yoshlarning innovatsion fikrlashi va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Mahorat va biznes soati” mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Navbatdagi darslar Gurlan tumanidagi 1-son texnikum, 2-, 24- va 44-son umumiy o‘rta ta’lim maktablari, shuningdek, Urganch tumanidagi 4-son texnikum, 23-, 33- va 43-son umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilarga innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda normativ-huquqiy hujjatlarning o‘rni haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, yoshlarning innovatsion fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, yangi g‘oyalarni shakllantirish, ularni amaliy loyihalarga aylantirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tushunchalar mustahkamlandi.
Darslar nazariy ma’lumotlar bilan bir qatorda savol-javob, muhokama va amaliy topshiriqlar asosida olib borilib, o‘quvchilarning mashg‘ulotlardagi faol ishtiroki ta’minlandi.
Mazkur mashg‘ulotlar yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularda innovatsion yondashuv hamda tadbirkorlikka oid tasavvurlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.