Yangiliklar
Pedagoglarning kasbiy barqarorligi va ruhiy farovonligiga e’tibor qaratilmoqda
15-sentabr 2026-yil
Urganch davlat pedagogika institutida Xorazm viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari hamda pedagog-psixologlari uchun “Muvozanat” loyihasi doirasida uch kunlik psixologik trening boshlandi.
“Pedagogning kasbiy barqarorligi, motivatsiyasi va o‘zini o‘zi boshqarishi” mavzusidagi trening pedagoglarning kasbiy faoliyatida muhim bo‘lgan psixologik barqarorlik, stressni boshqarish, motivatsiyani saqlash hamda o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirda Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Xamro Bektemirov, Urganch davlat pedagogika instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori v.v.b. Sarvar Musurmonov, “Life in Progress” amaliy psixologiya markazi va “Muvozanat” loyihasi rahbari Azizbek Axrorov ishtirok etdi.
Ishtirokchilar bilan suhbat davomida treningning mazmun-mohiyati, pedagoglarning kasbiy faoliyatida psixologik barqarorlikni ta’minlash va ruhiy farovonlikni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati haqida fikr almashildi.
Trening mashg‘ulotlari ilmiy-psixologik yondashuvlar va zamonaviy amaliy metodlar asosida tashkil etilib, ishtirokchilar kasbiy vaziyatlarga oid amaliy mashqlar, psixologik texnikalar hamda refleksiv topshiriqlar orqali o‘z ustida ishlamoqdalar.
Mazkur loyiha pedagoglarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash, o‘zini anglash va boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ta’lim jarayonida sog‘lom psixologik muhitni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.