Yangiliklar
O‘zbekiston vakillari Xalqaro nemis tili olimpiadasida ishtirok etadi
7-iyul 2026-yil
Joriy yilgi olimpiada "ZusammenWachsen" ("Birgalikda o‘sish") shiori ostida tashkil etilmoqda.
2026-yil 13–22-iyul kunlari Germaniyaning Mannhaym shahrida Xalqaro nemis tili olimpiadasi (International German Olympiad – IDO) bo‘lib o‘tadi. Dunyoning qariyb 60 mamlakatidan iqtidorli yoshlarni jamlaydigan nufuzli xalqaro tanlovda O‘zbekiston sharafini Baxtiyorov Olimbek (B1 yo‘nalishi) hamda Ibadullayeva Marjona (A2 yo‘nalishi) himoya qiladi. Ishtirokchilarga ustozlari Rano Madrimova hamrohlik qiladi.
Joriy yilgi olimpiada "ZusammenWachsen" ("Birgalikda o‘sish") shiori ostida tashkil etilmoqda. Tanlov davomida ishtirokchilarning nemis tilini bilish darajasi bilan bir qatorda ijodkorligi, jamoada ishlash, muloqot madaniyati hamda turli millat vakillari bilan samarali hamkorlik qilish ko‘nikmalari ham baholanadi.
Xalqaro nemis tili olimpiadasida ishtirok etish yoshlarning xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi, xalqaro tajriba almashishi va mamlakatimiz ta’lim salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimi jamoasi Olimbek va Marjonaga mazkur nufuzli xalqaro olimpiadada yuksak natijalar va omad tilaydi.