Yangiliklar
Vazir o‘rinbosari yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qildi
5-mart 2026-yil
Muloqot davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berilib, ularning tashabbus va g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli ta’lim berish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan islohotlar haqida ham fikr almashildi.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev Xorazm viloyatida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv doirasida u Urganch shahrida joylashgan RANCH xususiy universiteti hamda Urganch davlat pedagogika instituti talabalari bilan uchrashib, yoshlarning ta’limga bo‘lgan qiziqishi, kasb tanlash, kelgusidagi reja va maqsadlari haqida samimiy suhbat qurdi.
Muloqot davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berilib, ularning tashabbus va g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli ta’lim berish hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan islohotlar haqida ham fikr almashildi.
Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari Urganch shahridagi 16-son umumta’lim maktabi bitiruvchilari bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida bitiruvchilarning oliy ta’limga tayyorgarligi, orzu va intilishlari haqida suhbatlashilib, ularga kelajakda to‘g‘ri kasb tanlash va maqsad sari qat’iyat bilan intilish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Shuningdek, kun yakunida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda tuman va shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari xodimlari, umumta’lim maktablari direktorlari ishtirokida Zoom platformasi orqali yig‘ilish o‘tkazildi. Unda hududlarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, maktablarda yaratilayotgan sharoitlar hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish va ta’lim samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.