Yangiliklar
Umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi
2-sentabr 2025-yil
#Birinchi_qoʻngʻiroq
Bugun mamlakatimizdagi barcha maktablarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari jarangladi. Viloyatimizda 38 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qizlar maktab ostonasiga ilk qadam qo‘yib, 1-sinfga qabul qilindi.
Urganch shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Raximov ishtirok etdi. (https://t.me/xorazm_uz_rasmiy/15614)
Joriy yilda 15 mlrd 300 mln mablag‘ sarflanib, ushbu maktab uchun 990 o‘rinli qo‘shimcha yangi o‘quv binosi qurildi va eski binosi rekonstruksiya qilindi. Natijada dars mashg‘ulotlari 1 smenaga o‘tkazilib, o‘quvchilarning puxta bilim olishlari, turli to‘garaklarga qatnashishlari uchun sharoitlar yaratildi.
Viloyat hokimi maktab jamoasini yangi o‘quv binosi, o‘quv yilining boshlanishi bilan qutlab, kelgusi o‘qish va ishlarida omad tiladi, 1-sinf o‘quvchilariga chiroyli portfel va o‘quv qurollari to‘plamidan iborat "Prezident sovg‘asi"ni topshirdi.