Yangiliklar
Deputatlik guruhi eshituvi: Ta’lim sifatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi
13-mart 2025-yil
#Urganch_shahar
#Deputatlik_guruhi_eshituvi
Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi va Urganch shahar Kengashlaridagi O’zLiDeP deputatlik guruhlarining navbatdagi yig‘ilishi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-152-sonli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda olib borilayotgan ishlar yuzasidan mansabdor shaxsning axboroti tinglandi.
Yig‘ilishda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Qahramon Zaripov hisoboti eshitildi.
Eshituvda boshqarmaning so‘nggi yillardagi faoliyati sarhisob qilinib, erishilgan natijalar va mavjud muammolar muhokama qilindi. Deputatlar ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar, maktabgacha va maktab ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagog kadrlar salohiyatini oshirish hamda ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Shuningdek, eshituv davomida aholi murojaatlari asosida ko‘tarilgan masalalar ham muhokama qilinib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi. Deputatlar ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari infratuzilmasini yaxshilash hamda bolalar ta’lim-tarbiyasini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Xususan, o‘qituvchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish orqali ta’lim jarayonining sifatini oshirish lozimligi qayd etib o‘tildi.
Eshituv davomida 5-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishi bo‘yicha belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlari ham keng muhokama qilindi. Ma’lumki, ta’lim tizimi korrupsiyadan xoli bo‘lishi lozim bo‘lgan eng muhim sohalardan biridir. Shu bois, yig‘ilishda ta’lim muassasalarida shaffoflikni ta’minlash, noqonuniy holatlarning oldini olish va bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish so‘ngida deputatlar tomonidan soha yo‘nalishlari bo‘yicha fikrlar bildirildi va mazkur masalalar Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi.