Yangiliklar
XORAZMLIK YOSH GANDBOLCHILAR XXI-XALQARO BOLALAR GANDBOL FESTIVALIDA ISHTIROK QILADI
23-may 2023-yilAyni damda, maktabning gandbolchilari mamlakatimiz terma jamoalari safida 25-30-may kunlari Belarus davlatining poytaxti Minsk shahrida 2005-yilda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida tashkil qilinadigan xalqaro turnirga, 3-9-iyun kunlari Rossiyaning Tolyatti shahrida bo‘lib o‘tadigan XXI-Xalqaro bolalar gandbol festivaliga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishayotir.
Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 19-son umumta’lim maktabi o‘quvchilari gandbolni juda sevishadi. Mubolag‘a emas, ta’lim dargohining deyarli barcha o‘quvchisi sportning ushbu turiga oshno tutingan. Ko‘pchiligi Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi shug‘ullanuvchilari hisoblanadi.
O‘z navbatida yoshlar tajribali ustozlari aka-uka Abdulla va Mansurbek Bobojonov, Rustam Botirov, Durdiboy Durdiyevlarning qo‘l ostida gandbolning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganib kelishadi. Doimiy tarzda musobaqalarda, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashib, bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishmoqda. Buning samarasi, viloyat, respublika va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishyapti. Tabiiyki, yosh gandbolchilarning yutuqlari bee’tibor qolmayapti. Rahbariyat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ayni damda, maktabning gandbolchilari mamlakatimiz terma jamoalari safida 25-30-may kunlari Belarus davlatining poytaxti Minsk shahrida 2005-yilda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida tashkil qilinadigan xalqaro turnirga, 3-9-iyun kunlari Rossiyaning Tolyatti shahrida bo‘lib o‘tadigan XXI-Xalqaro bolalar gandbol festivaliga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishayotir.
Bugun Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Xamro Bektemirov hamda O‘zbekiston gandbol federatsiyasining viloyat bo‘linmasi ijrochi direktori Jasur Razzoqov ushbu ta’lim dargohida bo‘lib, yosh gandbol ustalari va trenerlari bilan uchrashishdi. Samimiy kechgan muloqot chog‘ida soha mutassaddilari sportchilarga bo‘lajak musobaqalarda omad tiladilar. Hayotda yurt sha’nini ulug‘lash, uni munosib himoya qilish sharafli vazifa ekanligini ta’kidlab, bu borada ularga ishonch bildirishdi va duoi fotiha qilishdi.
Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Matbuot xizmati