Yangiliklar
TA’LIM TIZIMIDAGI DAVLAT XARIDLARIDA MANFAATLAR TO‘QNASHUVINING OLDINI QANDAY OLAMIZ?
22-oktabr 2025-yil
Alisher XASANOV, Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy nazorat sho‘basi bosh mutaxassisi
Bugungi kunda davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish nihoyatda dolzarblik kasb etmoqda. Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurashish buyicha ichki nazoarat tuzilmasi faoliyatida duch kelingan quyidagi holat buyicha ushbu masalaga bir nazar tashlab ko‘ramiz.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaro Xorazm viloyatidagi tuman MMTBlaridan birida ishlayotgan markazlashgan hisobxona xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib murojaat yo‘lladi. Murojaatga ko‘ra, tadbirkor xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha maktabgacha va maktab ta’limi tuman bo‘limi va o‘zi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, xodimlar bilan aloqaga chiqqanida ular pulni yechib berishni so‘rashgan, aks holda shartnoma bekor bo‘lishini aytishgan. Shu boisdan tadbirkor masalaga oydinlik kiritishni va shartnomadagi ishni bajarishda amaliy yordam berishni so‘raydi.
O‘rganuv davomida ma’lum bo‘lishicha, tuman MMTBning davlat xaridlari va shartnomalar bo‘yicha mas’ul xodimi tomonidan davlat xaridlari bo‘yicha e’lon joylashtirish jarayonida talabnomadagi xizmat ko‘rsatilish ko‘lami, hajmi va zarur bo‘ladigan tovarlar ruyxati to‘liq so‘rab olinmasdan hamda ushbu oferta texnik parametrlarini batafsil o‘qimasdan elektron do‘kondan tanlashda “go‘yoki” e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yiladi. Ya’ni shartnomada ish hajmi kam, to‘lanadigan summa baland bo‘lib qoladi.
Albatta, bunday imkoniyatni har qanday tadbirkor qo‘ldan chiqarmaslikka urinadi. Chunki kam ish qilib, ko‘proq foyda, xaq olish kimga yoqmaydi, deysiz. Buning oqibatida shartnomada ko‘rsatilgan ish hajmi oz, aslida esa talabnoma buyicha qilinishi lozim bo‘lgan ish hajmi ko‘p bo‘lib qoladi va bu o‘z navbatida tadbirkor va buyurtmachi o‘rtasida “savdolashish” ko‘rinishidagi kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi.
Natijada buyurtmachi shartnomalar tuzishdagi xatoliklarni “uncha to‘g‘ri bo‘lmagan” yo‘llar bilan hal qilishga urinadi. Ya’ni tadbirkorni shartnomadagi summani yechib berishga undash kabi salbiy holatlar vujudga keltiriladi. Albatta, bu yerda tadbirkorning qonuniy manfatlari ximoya qilinishi ta’minlandi. Xuddi shuningdek, shartnomalar tuzishdagi xatoliklar va shartnomadagi summani yechib berishga undash kabi salbiy holatlarni vujudga keltirgan xodimlarning javobgarlik masalasi qonuniy tartibda hal qilindi. Lekin ko‘rilgan choralar, shartnoma tuzishga mas’ul xodimlarni, ular atayin shaxsiy manfaatni ko‘zlab shunday ish tutishgan, degan shubha va gumonlardan holi qilmaydi.
2021 yil 22 aprelda qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 684-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasida moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonalik, tejamkorlik va samaradorlik prinsipi qayd qilingan. Unda “davlat xaridlari uchun ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish, shu jumladan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) olishdan ko‘rilgan naf, ularning sifati va qiymati o‘rtasidagi maqbul nisbatni (foydalanish davri xarajatlarini hisobga olgan holda) ta’minlash” kerakligi belgilab berilgan.
Davlat xaridlari bo‘yicha mutaxassislar mazkur qonunning ushbu talab va prinsiplariga qat’iy amal qilganida edi, ular tadbirkor oldida, xuddi shuningdek, atroflagilar oldida, davlat xaridalarini amalga oshirishda, eng avvalo, manffaatdorlikni ko‘zlayotgan shaxs kabi shubxa ostida qolmagan bo‘lar edilar.
O‘ylaymanki, shu kabi xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan soha xodimlari bundan tegishli xulosa chiqaradilar va davlat xaridlarini amalga oshirish buyicha qonun xujjatlarini o‘rganish yuzasidan bilimlarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratadilar. Binobarin, korrupsiyaga karshi kurashishda asosiy maqsadimiz fuqarolarni javobgarlikka tortish emas, balki jinoyatga olib keluvchi omillar va shart-sharoitlarning olini olish orqali preventiv chora-tadbirlarni ko‘rishdan iboratdir.