Yangiliklar
“MANFATLAR TO‘QNASHUVI”NING OLDINI OLISH – KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHDA MUHIM OMIL
5-mart 2025-yil
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 6-maydagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi 931-sonli Qonuni 2024-yilning 6-dekabridan kuchga kirdi.
Hozirda respublikamizning boshqa hududlari qatori Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati, mas’ul xodimlari, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy nazorat sho‘basi yo‘nalishi bo‘yicha ishlayotgan xodimlar oldida ham ta’lim tizimidagi faoliyatimizni yangi qabul qilingan qonun xujjatlari talablariga mos ravishda tashkil qilish, mavjud, hamda extimoliy manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf qilish, soha xodimlari orasida tushuntirish ishlarini olib borish va nihoyat xalqimizning ta’lim tizimidagi bugungi kundagi islohotlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish bilan bog‘liq ulkan, mas’uliyatli vazifalar turibdi.
Bu yerda “ulkan” so‘zi behudaga ishlatilmadi. Chunki Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi tizim tashkilotlari soni hozirgi kunda 936 ga yaqin bo‘lib, unda ishlayotgan xodimlar soni 62 mingdan ortadi. Buning ustiga ta’lim tizimidagi 132 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar, 372 mingdan ortiq o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan bog‘liq ta’limga aloqador muammolar, ularni qiynayotgan masalalarni e’tiborga olmoq joiz.
“Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi”, degan mazmundagi, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashish borasida o‘rinsiz bo‘lgan qarash, fikrlash to‘g‘risida ozgina o‘ylab ko‘rsak, bu tizimdagi yechimini kutayotgan muammolar ko‘lami qanchalik kengligini tasavvur qilish qiyin emas.
Shuni hisobga olgan holda, men, faoliyatim davomida viloyatdagi ta’lim tizimi tashkilotlarida aniqlangan korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq qonun buzilish holatlari misolida tushuntirish ishlari olib borishni va bundan har bir rahbar xulosa chiqarishiga erishish orqali profilaktik, ogohlantirish ishlari doirasini kengaytirishni, samaradorligini oshirishni niyat qildim.
Chunki, korrupsiyaga qarshi kurashishda tashkilot rahbarlarining xodimlarga shaxsiy namuna, o‘rnak bulishi eng muhim omillardan biridir. Shuning uchun kelgusida har bir aniqlangan holat va yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam chiqishlar qilib boramiz. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 7 fevraldagi 05-19-sonli “Aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha 2025 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi”da belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirishga xarakat qilamiz.
Yuqoridagi O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunining “Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar” haqidagi 8-moddasining 1-xat boshisida “biri boshqasiga bo‘ysunuvchi yoki biri boshqasining nazoratidagi tashkilotlarda o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashga” haqli emasligi belgilangan va “bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno” deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining “Qarindoshlarning davlat tashkilotida birga xizmat qilishini cheklash” yuzasidan 121-moddasiga ko‘ra esa “O‘zaro yaqin qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslarning (ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotin, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat tashkilotida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga yoki uning nazorati ostida bo‘lishiga bog‘liq bo‘lsa taqiqlanadi. Ushbu qoidadan istisnolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi mumkin” deb ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-noyabrdagi 758-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 3-ilovasida “Qarindoshlarning birga ishlashlarini cheklash to‘g‘risidagi qoidalardan istisnolarga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotlari xodimlarining ro‘yxati” tasdiqlangan. Mazkur ro‘yxatning 6-bandiga “barcha ta’lim tashkilotlaridagi pedagog xodimlar, o‘qituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar; 12-bandida “qishloq joylarda ishlaydigan o‘rmon va suv xo‘jaligi mutaxassislari, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlari, tibbiyot xodimlari, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar xodimlari kiritilgan.
Qonun xujjatlarining yuqoridagi qismlari bo‘yicha to‘xtalishimga asosiy sabab shuki, so‘nggi paytlarda ayrim ta’lim tashkilotlari rahbarlarining “Manfaatlar to‘qnashuvi” to‘g‘risidagi qonun cheklovlaridan ko‘ra, yuqoridagi istisnolarni ko‘proq inobatga olib, bir nechta yaqin qarindoshlarini ishga olishi oqibatida fuqarolarning noroziligi bilan bog‘liq murojaatlar soni ortmoqda.
Shu o‘rinda misol tariqasida keltirib o‘tsam: bir ta’lim takshkiloti rahbari 8 nafar, yana biri esa 6 nafar yaqin qarindoshini o‘zi boshqarayotgan tashkilotga ishga olgan. Bu esa mazkur tashkilotlarning boshqa xodimlarida norozilik uyg‘otgan va ular yuqori tashkilotlarga shikoyat arizalari bilan murojaat qilishgan. Shuni aytib o‘tishim lozimki, maqoladagi faktlar ma’lum bir shaxsga qaratilmagan va bu umumiy ijobiy jamoat fikrini shakllantirishga xizmat qiladi, degan fikrdaman.
Yaqinda shunday yo‘l tutgan rahbarlardan biriga savol berdim. “Tasavvur qiling, siz qachondir ishdan bo‘shaganingizdan keyin, o‘rningizga tayinlangan yangi rahbar, sizning barcha qarindoshlaringizni ishdan bo‘shatib, o‘zining yaqin qarindoshlarini ishga qabul qilsa, sizga ma’qul bo‘larmidi?” U “Yo‘q, menga yoqmasdi” deb javob berdi. Haqiqatan ham, mansab kursisi rahbarlarga abadiy berilmagan yoki otasidan qolgan meros emas.
Menga “Siz menga qanday yo‘l tutishni maslahat berasiz” degan savol qo‘yildi. Maqolaning davomidagi fakt va fikrlar barcha rahbarlarning bu kabi savoliga javobdir.
Avvalo, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasidagi asosiy tushunchalarga e’tibor qaratishimiz zarur. Unda:“Manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat” deb qo‘yilibdi.
Qonunning 6-moddasida “Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi: o‘z lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini vijdonan bajarishi va ularning bajarilishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘z shaxsiy manfaatlari bilan bog‘liq har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi” shartligi ko‘rsatilgan.
Yaqin qarindoshlaringizning sizga to‘g‘ridan to‘g‘ri buysunuvdagi bo‘sh ish o‘rniga ishga qabul qilinishi hamkasblaringizning yoki boshqa fuqarolarning noroziligiga sababchi bo‘layotgani mana shu tamoyillarning buzilishi oqibati emasmi? Balkim, atrofingizdagi qanchadan qancha fuqaro yoki xonadon iqtisodiy qiyinchiliklar oqibatida ushbu ish o‘rniga sizning qarindoshingizdanam ko‘ra muhtoj bo‘lgandir.
Qonnunning 4-moddasida “Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning asosiy prinsiplari” sifatida: “qonuniylik; fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning va davlatning qonuniy manfaatlari ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik, xolislik, korrupsiyaga nisbatan murosasizlik” ko‘rsatib o‘tilgan.
Siz o‘z yaqin qarindoshlaringizni ishga olayotganda xolis bo‘lganmisiz? Savollingizga javob o‘zingizda. Bugungi kunda hayotiy va kasbiy tajribangizdan kelib chiqqan xulosangiz, tarbiyangiz, bilimingiz, dunyoqarashingiz, iymon-e’tiqodingiz, qolaversa, to‘g‘ri so‘zlik, halolik, poklik, insoniylik kabi o‘ta muhim, hozirgi kunda juda dolzarb bo‘lgan o‘zbekona milliy kadriyatlarimizga bo‘lgan munosabatingiz prizmasidan o‘tkazgan hamda yuqoridagi qonunlarga qat’iy amal qilgan holda ish qilsangiz, o‘ylaymanki, xatti-harakatlaringgiz sizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmaydi.
Bu bilan siz o‘zingiz rahbarlik qilayotgan xodimlar orasida obro‘ qozanasiz hamda atrofingizdagilarning boshqaruv faoliyatingizga doir shubhalari va gumonlariga chek qo‘yasiz.
Alisher XASANOV, Xorazm viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining korrupsiyaga qarshi kurash va huquqiy nazorat sho‘basi bosh mutaxassisi