Yangiliklar
IKROM OTA YUNUSOV TA’LIMNING OTASI HISOBLANADI
1-fevral 2025-yil
Ikrom ota Yunusov hayot bo‘lsalar bugun 75 yoshni qarshi olgan bo‘lar edilar.
Ikrom otaning hayot yo‘li, umr kitobi sermazmun sahifalarga boy.
Ikrom ota Yunusov ish faoliyati davomida ko‘proq oddiy o‘qituvchilarni ulug‘lash, ularni asrab-avaylash, qadru qimmatini joyiga qo‘yishni o‘zining insoniy burchi deb bildi. Shu bois ham o‘qituvchilar mehrini qozondi.
Ikrom ota Yunusov 1950-yilda Turkmaniston Respublikasining Chorjo‘y shahrida tug‘ilgan.
1967-yilda Urganch shahridagi 1-maktabni bitkazgan.
1973-yilda hozirgi UrDUning tarix filologiya fakultutini tugatgan.
I.Yunusov 1974-1980-yillarda Urganch shahridagi 9-sonli maktabda o‘quvchilarga tarih va huquqshunoslik fanidan dars berdi.
Mohir pedagog 1980-yildan boshlab viloyat xalq ta’limi boshqarmasida dastlab Maktablar bo‘limida inspektor, so‘ngra katta inspektor, bo‘lim boshlig‘i, ta’lim markazi rahbari vazifalarida sidqidildan mehnat qildi.
Ikrom ota Yunusov keyingi davrda viloyat xalq ta’limi faxriylari uyushmasida rahbar o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi.
U ko‘pgina pedagoglarga ustozlik qildi.
U nafaqat viloyatda, balki respublika miqyosida xalq ta’limi sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi.
Ayniqsa iqtidorli o‘quvchilar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilish, fan olimpiadalarini o‘tkazish kabi tashkiliy ishlarda jonbozlik ko‘rsatdi.
Ikrom ota Yunusov o‘zidan yaxshi nom qoldirdi. Uning porloq xotirasi do‘stlari, shogirdlari, hamkasblari va yaqinlari qalbida abadiy saqlanadi.