Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

“GRACE” DASTURI BO‘YICHA ISHLASH KORRUPSIYAGA QARSHI IMMUNITETNI KUCHAYTIRADI

12-sentabr 2024-yil
image

GRACE” dasturi 2021 yilda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha bosh boshqarmasi tomonidan ishga tushirilgan. Dasturning maqsadi – ta’lim va o‘zaro aloqalarning transformatsion kuchidan foydalangan holda yoshlar orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat.

 

 

O‘zbek oilasi o‘z millatimizga xos halollik, poklik, vijdonlilik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik kabi ko‘p asrlik ma’naviy qadriyatlarni azaliy meros sifatida saqlab keladi. Ammo yaqin o‘tmishimiz va hozirgi global muammolar ularning jamiyat hayotidagi muhim o‘rniga xavf solmoqda.

Bugungi kunda oldimizda mazkur mentalitetimizga singib ketgan qadriyatlarni yosh avlod ongida qayta rivojlantirish, kuchaytirish va shu orqali korrupsiya va shu kabi boshqa illatlarning ildizlariga tubdan zarba berish vazifasi turibdi. Bu vazifani bajarishda  korrupsiyaga qarshi xalqaro “GRACE” dasturidan foydalanish ayni muddaodir.

Shuni hisobga olgan holda, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan  O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024 yil 20 martidagi 04-64-sonli chora-tabirlar rejasi ijrosi bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur reja Yoshlarda korrupsiyaga murosasizlik kayfiyatini shakllantirishga qaratilgan global resurs – “GRACE” dasturini ta’lim sohasiga  keng joriy qilishni o‘z ichiga oladi.

Shu o‘rinda “GRACE” global resursi haqida gapirib o‘tsak: “GRACE” dasturi 2021 yilda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha bosh boshqarmasi tomonidan ishga tushirilgan. Dasturning maqsadi – ta’lim va o‘zaro aloqalarning transformatsion kuchidan foydalangan holda yoshlar orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat.

2021 yil iyun oyida BMT maxsus sessiyasida siyosiy deklaratsiya qabul qilingan bo‘lib, unda yoshlarga korrupsiyaga qarshi ta’lim berish, ularda  shaffoflik, aholi oldida hisobdorlik, halollik va  korrupsiyaga qarshi murosasizlik madaniyatini shakllantirish korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashning asosi qilib ko‘rsatilgan.

Ushbu deklaratsiya Birlashgan millatlar tashkiloti Giyohvandik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasini jahon hamjamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha bilimdonligini oshirishga undagan. Natijada “GRACE” global dasturi yaratilgan.

GRACE” dasturi korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan  o‘qituvchilar,  olimlar va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar bilan ishlash buyicha bilim va tajribalarni jahon hamjamiyatiga  taqdim qiladi.

Mazkur dasturni O‘zbekistonda joriy etish tashabbusi respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimida ilgari surilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rejasida  umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “GRACE”  dasturidan foydalangan holda “Profilaktika kunlari”  va “Sinf soatlari” doirasida “Halollik qadriyatlari”, “To‘g‘rilik, mehnatsevarlik – xotirjam hayot asosi”, “Korrupsiya – davlatni yemiruvchi, insonni tubanlashtiruvchi illat” mavzularida targ‘ibot tashviqot tadbirlarini o‘tkazish belgilangan.

Shuningdek, unda hududlarda idoralararo ishchi guruhini shakllantirish va ularni targ‘ibot materiallari, ma’ruza matnlari, taqdimotlar, tarqatma materiallar bilan ta’minlash ham belgilab berilgan. 2024 yilning sentabr-oktabr oylarida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida  “O‘quvchi yoshlar halollik tarafdori”  10 kunligi tadbirlari tashkil qilinadi. Reja-jadvalga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim  ta’lim muassasalarida  huquqni muhofaza qiluvchi  idoralar  bilan  hamkorlikda ochiq darslar, uchrashuvlar va  va suhbatlar uyushtiriladi.

O‘quvchilarda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik his-tuyg‘ularini  shakllantirish, shuningdek, ularni mustahkam “immunitet”ga ega shaxs qilib tarbiyalash maqsadida maktablarda “Halollik” to‘garaklarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

Bu tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilishi  korrupsiyaga qarshi kurashishda yaxshi natijalarga erishishga xizmat qiladi.

Ta’lim sohasi tashkilotlarining barcha pog‘onasi xodimlarini, ustoz va murabbiylarni ushbu rejada belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida to‘liq  bajarishda faol bo‘lishlarini so‘rab,  barchangizni Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ilgari surayotgan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishda  faol ishtirok qilishga chaqiramiz!

Toki xalqimiz mentalitetiga xos bo‘lgan ezgu qadriyatlar – poklik, halollik, to‘g‘rilik, adolatparvarlik kabi milliy xislatlarga tayanib ish tutish turmush tarzimizning bosh mezoniga aylansin!

 

Alisher XASANOV, Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassisi                           

 

 

 

xorazm-vxtb@exat.uz
@xorazmvmmtb
@Xorazm_MMTB
/xorazm_vmmtb